«Barselona» vitse-prezidenti Rafa Yuste Kataloniya klubi «PSJ» hujumchisi Lionel Messini ortga qaytarish masalasida futbolchi bilan bog‘langanini tasdiqladi.
«Messidan qaytishni so‘raymanmi? Uning qaytishini xohlaymanmi? O‘rtamizda aloqalar bormi? Mana shunday savollarga qisqacha ha, deya javob beraman.
Leo va uning oilasi ular bilan qanchalik yaqinligimni bilishadi. Messining «Barsa» bilan shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgandim, afsuski barchasi o‘shanda klub uchun ijobiy yakunlanmagan. Biz «Barsa» haqida gaplashsak, albatta Messi haqida ham gapiramiz. Uning qaytishidan juda ham xursand bo‘lardim. Hayotdagi ajoyib hikoyalar chiroyli yakunlanishi kerak. Biz u bilan aloqada bo‘lib turibmiz», - deya «Barsa» vitse-prezidenti Yustening so‘zlarini keltirgan Marca nashri.
Ma’lumot uchun, 35 yoshli argentinalik forvardning Parij klubi bilan amaldagi kelishuvi yozda yakuniga yetadi va u erkin agentga aylanadi. U Fransiya klubi bilan kelishuvni uzaytirganicha yo‘q. Messi 2 yil avval Kataloniya klubini erkin agent sifatida tark etib, «PSJ»ga o‘tgandi.
Avvalroq, Leoning otasi Xorxe Messi «Barsa» rahbariyati bilan uchrashgani, futbolchining o‘zi Xavi murabbiyligidagi jamoaga qaytish uchun maoshi kamayishiga rozi ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi.
![]() |
Jas1coff
|